SUVNI PARCHALASH UCHUN OʻTISH METALLARI ASOSIDAGI KATALIZATORLAR
Annotatsiya
Mazkur ilmiy maqolada suvni elektrokimyoviy parchalash orqali vodorod ishlab chiqarish jarayonida oʻtish metallari asosidagi katalizatorlardan foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari tahlil qilingan. Tadqiqotda nikel (Ni), temir (Fe), kobalt (Co), molibden (Mo) va ularning oksid, gidroksid, sulfid, fosfid hamda qotishmalari asosida tayyorlangan katalitik materiallarning fizik-kimyoviy xususiyatlari, elektrokatalitik faolligi va barqarorligi oʻrganilgan. Suv elektrolizining asosiy bosqichlari — vodorod ajralish reaksiyasi (HER) va kislorod ajralish reaksiyasi (OER) — termodinamik hamda kinetik nuqtayi nazardan tahlil qilinib, katalizatorlarning ortiqcha kuchlanish, Tafel qiyaligi, elektrokimyoviy faol sirt maydoni va uzoq muddatli barqarorlik koʻrsatkichlariga ta'siri yoritilgan. Shuningdek, oʻtish metallari asosidagi katalizatorlarni gidrotermal sintez, elektrokimyoviy choʻktirish, kimyoviy qaytarish va fosfidlash usullari yordamida olish imkoniyatlari koʻrib chiqilgan. Ilmiy adabiyotlar tahlili asosida nikel-temir gidroksidlari kislorod ajralish reaksiyasi, nikel-molibden qotishmalari va ayrim metall fosfidlari esa vodorod ajralish reaksiyasi uchun istiqbolli katalitik materiallar ekanligi asoslangan. Tadqiqot natijasida arzon, samarali va barqaror elektrokatalizatorlarni ishlab chiqish boʻyicha ilmiy-texnologik tavsiyalar shakllantirilgan.