MEDIAMATNLARDA AXBOROT TANLOVI VA TALQIN CHEGARALARI
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Mazkur maqolada mediamatnlarda axborotni tanlash, unga urg‘u berish va mazmuniy qisqartirishning talqin jarayoniga ta’siri freyming nazariyasi asosida tahlil qilinadi. Tadqiqot materiali sifatida UNESCOning 2023-yilda ta’limda texnologiyalardan foydalanish masalasiga bag‘ishlangan press-relizi va hisoboti, shuningdek, Euronews, Kun.uz hamda Oliygoh.uz nashrlarida e’lon qilingan xabarlar tanlangan. Sarlavhalar va asosiy matnlar qiyosiy tahlil qilinib, texnologiyalardan foydalanish shartlarining ifodalanishi, taqiq istisnolarining yoritilishi hamda miqdoriy ma’lumotlarning referensial qamrovi o‘rganiladi. Tahlil natijalari ayrim xabarlarda foydalanish shartlari saqlangan holda taqiq mavzusiga kuchliroq urg‘u berilishi, ayrim holatlarda esa miqdoriy ko‘rsatkichning aniqlik darajasi yoki u taalluqli bo‘lgan davlatlar guruhi o‘zgarishini ko‘rsatadi. Manbadagi shartlar, istisnolar va hisob doirasini qayta tekshirish qisqartirish natijasida yuzaga keladigan mazmuniy o‘zgarishlarni aniqlash mezoni sifatida taklif etiladi. Tadqiqot xulosalari tahlil qilingan to‘rtta xabar doirasi bilan cheklanadi.