SAMARQAND VILOYATI OZIQ-OVQAT SANOATIDA MAHSULOT DIVERSIFIKATSIYASINING KORXONALAR RAQOBATBARDOSHLIGIGA TA'SIRI
Annotatsiya
Samarqand viloyati respublika oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining qariyb sakkizdan bir qismini ta'minlaydi. Shu bilan birga, hududda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tarkibi va ularning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligi o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni kompleks baholash dolzarb ilmiy masalalardan biri hisoblanadi. Tadqiqotda Samarqand viloyati statistika boshqarmasi va O'zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo'mitasining 2023–2025-yillarga oid ma'lumotlari asosida lokalizatsiya koeffitsiyenti, Herfindal–Hirshman indeksi, entropiya indeksi hamda eksport ixtisoslashuvi indeksi hisoblangan. Tahlil natijalariga ko'ra, Samarqand viloyati oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo'yicha mamlakatda eng yuqori ixtisoslashuv darajasiga ega ekanligi aniqlangan (LQ = 2,44). 2023–2024-yillarda agrooziq-ovqat eksporti tarkibining diversifikatsiyalashuvi Herfindal–Hirshman indeksining 0,655 dan 0,545 gacha pasayishi hamda eksport ixtisoslashuvi indeksining 4,65 dan 4,91 gacha oshishi bilan bir vaqtda kuzatilgan. Olingan natijalar asosida qayta ishlangan mahsulotlar ulushini oshirish va oziq-ovqat sanoati korxonalarining raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqilgan.