Piperazin bilan modifikatsiyalangan silikogelning fizik-kimyoviy xossalari va co₂ sorbsion xususiyatlarini tadqiq etish
Annotatsiya
Ushbu tadqiqotda natriy silikat asosida silikogel sintez qilish, uni piperazin bilan modifikatsiyalash hamda olingan sorbentning fizik-kimyoviy, termik va karbonat angidrid (CO₂) gaziga nisbatan sorbsion xossalarini o‘rganish natijalari keltirilgan. Silikogel natriy silikat eritmasini 15 % li sulfat kislota yordamida kislotalash orqali olindi va quritilgan material piperazinning 10 % li etanoldagi eritmasi bilan modifikatsiyalandi. Modifikatsiyalangan silikogelning tuzilishi va termik barqarorligi FTIR hamda DTA–TGA usullari yordamida tadqiq qilindi. DTA–TGA tahlili argon muhitida 30–800 °C harorat oralig‘ida, 10 °C/min qizdirish tezligida olib borildi. 800 °C da umumiy massa yo‘qotilishi taxminan 17,6 %, qoldiq massa esa 82,4 % ni tashkil etib, materialning noorganik silika karkasi yuqori haroratlarda nisbatan barqaror ekanligini ko‘rsatdi. FTIR spektrida 1047,35 va 800,46 cm⁻¹ sohalarda Si–O–Si karkasiga xos signallar, 1562,34; 1458,18 va 1338,60 cm⁻¹ sohalarda esa piperazin modifikatsiyasi bilan bog‘liq N–H, C–H va C–N guruhlariga mos spektral o‘zgarishlar kuzatildi. Olingan SPIPER modifikatsiyalangan silikogelning CO₂ ni sorbsiyalash xususiyati laboratoriya sharoitida U-simon shisha naycha yordamida o‘rganildi. Tajribada 1,00 g sorbent ishlatilib, CO₂ gazi sorbent qatlami orqali o‘tkazildi va sorbsiya samaradorligi namunaning boshlang‘ich hamda tajribadan keyingi massalarini taqqoslash asosida baholandi. Tajriba natijalariga ko‘ra, modifikatsiyalangan silikogel o‘z massasiga nisbatan 5–15 % CO₂ yutish xususiyatini namoyon etdi. Olingan natijalar piperazin bilan funksionallashtirilgan silikogelni CO₂ ni tutib qolishga mo‘ljallangan sorbent material sifatida o‘rganish istiqbolli ekanligini ko‘rsatadi.
Hali tarjima qilinmagan