INSONSIZ JINOYAT: SUN’IY INTELLEKT, ALGORITM VA AYB TUSHUNCHASINING JINOYAT HUQUQIDAGI YANGI CHEGARALARI
Annotatsiya
Maqolada sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi natijasida jinoyat huquqi nazariyasi va amaliyotida yuzaga kelayotgan yangi muammolar ko‘rib chiqilgan. Sun’iy intellekt tizimlarini jinoyat huquqining mustaqil subyekti sifatida tan olish imkoniyatlari tahlil qilingan. Aniqlanishicha, amaldagi jinoyat-huquqiy doktrina jinoyat subyektining ongi, iroda erkinligi, aybi hamda o‘z qilmishining ijtimoiy va huquqiy oqibatlarini anglash qobiliyatiga asoslanadi. Sun’iy intellekt tizimlarida mazkur xususiyatlarning mavjud emasligi aniqlangan. Sun’iy intellekt ishtirokida sodir etilgan ijtimoiy xavfli qilmishlarda ayb, sababiy bog‘liqlik va javobgarlikni belgilash bilan bog‘liq muammolar tavsiflangan. Xalqaro-huquqiy hujjatlar, xorijiy ilmiy doktrina hamda qiyosiy-huquqiy yondashuvlar ko‘rib chiqilgan. Sun’iy intellektga “elektron shaxs” maqomini berish, uni bevosita jinoiy javobgarlikka tortish va funksional jihatdan inson ongiga tenglashtirish konsepsiyalari tanqidiy baholangan. Ma’lum bo‘ldiki, hozirgi texnologik rivojlanish bosqichida sun’iy intellektni mustaqil jinoyat subyekti sifatida e’tirof etish yetarli darajada asoslanmagan. Ishlab chiqaruvchi, dasturchi, integrator, mulkdor, operator va foydalanuvchi o‘rtasida javobgarlikni taqsimlash mezonlari aniqlangan. Algoritmik audit, texnik ekspertiza, raqamli dalillar va texnologik xavflarni baholash institutlarini rivojlantirish zarurati asoslangan