A. MELANOCARPA MIKROKO'CHATINING BARG VA MEVA EKSTRAKTLARINING ANTIBAKTERIAL XUSUSIYATLARINI BAHOLASHDA TURLI ETANOL KONSENTRATSIYASINING TA'SIRI
Annotatsiya
Ushbu tadqiqotda in vitro sharoitida mikroklonal usulda ko‘paytirilgan bir yoshli Aronia melanocarpa (Michx.) Elliot o‘simligining biologik faolligi baholagan. Antibakterial tahlillar uchun meva va barg ekstraktlarining 30, 50, 70 va 90% etanolli eritmalari tayyorlandi. Antibakterial faollik disk-quduq usuli asosida, P. aeruginosa patogen bakteriya asosida baholandi. Ekstraktlarning turli etanol konsentratsiyalarda bakteriya o‘sishiga ko‘rsatgan ta'siri bakteriya koloniyalari atrofida hosil bo‘lgan ingibrlash masofasi diametri (mm) orqali aniqlandi. Tajriba natijalariga ko‘ra 50% etanolli ekstrakt antibakterial faolligi bo‘yicha optimal konsentratsiya sifatida tanlab olindi Ayniqsa, meva ekstrakti barg ekstraktiga nisbatan sezilarli darajada kuchli antibakterial ta'sir namoyon etdi. Olingan natijalar in vitro sharoitida ko‘paytirilgan A.melanocarpa o‘simligining barg va meva ekstraktlari tabiiy antibakterial vositalar sifatida yuqori istiqbolga ega ekanligini hamda ularni farmatsevtika va biotexnologiya sohalarida qo‘llash imkoniyatlarini asoslaydi . Mazkur maqola 2026-yil 18–19-iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “The Uzbekistan–China International Symposium on Current Issues in the Cultivation and Utilization of Medicinal Plants” xalqaro simpoziumi materiallari doirasida nashr etilgan.