SUV RESURSLARINING TAQCHILLIGI VUJUDGA KELISHI VA BUNING EKOLOGIK OQIBATLARI
Annotatsiya
Ushbu maqolada global miqyosda hamda O‘zbekiston Respublikasi misolida suv resurslari taqchilligining yuzaga kelish sabablari, uning iqlim o‘zgarishi, aholi sonining o‘sishi, urbanizatsiya va antropogen omillar bilan bog‘liqligi chuqur tahlil qilingan. Tadqiqot jarayonida tizimli tahlil, statistik umumlashtirish va ekologik monitoring kabi zamonaviy ilmiy yondashuvlardan foydalanilib, 2010–2025 yillar oralig‘ida uy xo‘jaliklarining asosiy ichimlik suvi xizmatlari bilan ta'minlanish dinamikasi (umumiy ko‘rsatkich 73,4% dan 99% gacha, shahar joylarida 91,4% dan 99,8% gacha, qishloq joylarida esa 60,5% dan 98% gacha o‘sgani) raqamli ma'lumotlar asosida yoritib berilgan. Shuningdek, maqolada suv resurslari tanqisligi va tabiiy suv havzalari yuzasining qisqarishi natijasida tabiiy ekotizimlarning izdan chiqishi, tuproqning ikkilamchi sho‘rlanishi hamda cho‘llanish jarayonlarining tezlashishi, qishloq xo‘jaligi unumdorligining pasayishi, flora va fauna vakillarining yashash muhiti torayib, biologik xilma-xillikning kamayishi hamda suv havzalarining o‘z-o‘zini tozalash qobiliyati yo‘qolib, suv sifati va ekologik muhitning yomonlashuvi kabi salbiy ekologik oqibatlar atroflicha o‘rganilgan. Ilmiy izlanish natijalari shuni ko‘rsatadiki, yuzaga kelayotgan ekologik tahdidlarni yumshatish uchun qishloq xo‘jaligida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish va transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirish zarur.