ZIYORATGOHLAR ATROFIDA EKOLOGIK BARQARORLIK VA YASHIL HUDUDLARNI SAQLASH
Annotatsiya
Mazkur maqolada diniy turizm sohasi – xususan ziyoratgohlar atrofidagi hududlarda – ekologik barqarorlikni ta’minlash va yashil muhitni saqlash masalalari ko‘rib chiqilgan. Jahon miqyosida 330 milliondan ortiq ziyoratchi jalb qiladigan muqaddas joylarga ommaviy tashriflarning ortishi chiqindi ko‘payishi, suv resurslarining ifloslanishi, tuproq eroziyasi va bioxilma-xillikka zarar yetkazish kabi ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda. Maqolada Hindiston, Yaponiya, Xitoy va Ispaniya ziyoratgohlarida qo‘llanilayotgan amaliy echimlar – “Yashil ziyorat tarmog‘i”, aqlli chiqindi boshqaruvi, quyosh energiyasi, yashil transport va ekologik sertifikatlash tizimlari tahlil qilinadi. Diniy ta’limotlardagi (hinduizm, daosizm, sikhizm) ekologik axloq tamoyillari barqaror turizm siyosatiga integratsiya qilinishi mumkin ekanligi asoslanadi. O‘zbekiston uchun Buxoro, Samarqand, Xiva kabi tarixiy ziyorat shaharlari misolida – milliy “Yashil ziyorat” dasturini ishlab chiqish, ekologik sertifikatlash va xalqaro tajriba almashish bo‘yicha aniq takliflar beriladi.