KALSIY SILIKATLARNING GIDRATLANISH JARAYONI VA BETON MUSTAHKAMLIGIGA TA'SIRI
Annotatsiya
Ushbu maqolada portlandtsement tarkibidagi asosiy minerallar — dikalsiy silikat (C₂S) va trikalsiy silikat (C₃S) ning gidratlanish jarayoni va ularning beton mustahkamligiga ta'siri o‘rganilgan. C₃S tez gidratlanib, dastlabki bosqichda yuqori mustahkamlikni ta'minlaydi, ko‘p issiqlik ajraladi. C₂S esa sekin gidratlanadi, dastlabki mustahkamlik past bo‘lsa-da, uzoq muddatda yuqori yakuniy mustahkamlik va kimyoviy chidamlilik beradi. Gidratlanish natijasida C-S-H gellari va Ca(OH)₂ hosil bo‘lib, ular betonning mustahkamlanishida asosiy rol o‘ynaydi. Sementning erta va kechki mustahkamligi C₃S va C₂S nisbatiga bog‘liq bo‘lib, optimal tarkibni tanlash betonning uzoq muddatli chidamliligi va yorilishlarga qarshiligini oshiradi. Shuningdek, gidratatsiya davrida ajraladigan issiqlik miqdori beton konstruksiyalarda yoriqlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin, ayniqsa C₃A va C₃S ko‘p bo‘lgan sementlarda bu omil muhim ahamiyatga ega.