INGLIZ SONETINI O‘ZBEK TILIGA TARJIMA QILISHDA POETIK SHAKL MUAMMOSI: QIYOSIY-ADABIY YONDASHUV
Annotatsiya
Mazkur tezisda ingliz sonetini o‘zbek tiliga tarjima qilishda poetik shaklni qayta yaratish muammosi qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjimashunoslik kesishmasida tahlil qilinadi. Ingliz sonetining janr belgilari – o‘n to‘rt misra, uch to‘rtlik va yakunlovchi ikkilik, yamb besh o‘lchovi va qofiya tizimi – o‘zbek she’riyatining barmoq va aruz vaznlari bilan qiyoslanadi. J. Holmsning she’riy shaklni tarjima qilish strategiyalari (mimetik, analogik, organik va begona shakl) o‘zbek tarjimachiligi sharoitiga tatbiq etiladi. I. Even-Zoharning polisistema nazariyasi va A. Lefeverning «qayta yozish» konsepsiyasi asosida tarjima qilingan sonetning qabul qiluvchi adabiyotdagi o‘rni ko‘rib chiqiladi. Tahlil natijasida shakl tanlash tarjimonning tarjima maqsadi va qabul qiluvchi adabiyot an’analariga bog‘liq ekanligi asoslanadi.