TA’LIM TASHKILOTLARIDA RAHBARLIK USLUBINING PEDAGOGLAR KASBIY MOTIVATSIYASI VA PSIXOLOGIK FAROVONLIGIGA TA’SIRI
Annotatsiya
Mazkur maqolada ta’lim tashkilotlarida rahbarlik uslubining pedagoglar kasbiy motivatsiyasi va psixologik farovonligiga ta’siri ijtimoiy-psixologik nuqtayi nazardan tahlil qilinadi. Zamonaviy ta’lim tizimida rahbarning boshqaruv faoliyati faqat ma’muriy vazifalarni bajarish bilan cheklanmay, pedagoglarning kasbiy faolligi, ichki motivatsiyasi, tashkilotga sodiqligi, o‘zini qadrlangan his qilishi va psixologik farovonligiga ham ta’sir ko‘rsatishi asoslab beriladi. Maqolada demokratik, avtoritar va liberal rahbarlik uslublarining psixologik xususiyatlari, ularning pedagoglar bilan o‘zaro munosabatlarga ta’siri hamda zamonaviy ta’lim tashkilotida hamkorlikka asoslangan rahbarlikning o‘rni tahlil etiladi. Deci va Ryanlarning o‘zini o‘zi belgilash nazariyasi, Herzbergning motivatsiya-gigiyena nazariyasi, Banduraning self-efficacy konsepsiyasi hamda zamonaviy ta’lim liderligi yondashuvlari tadqiqotning nazariy asosini tashkil etadi. OECD TALIS-2024 ma’lumotlari asosida O‘zbekistondagi pedagoglarning rahbarlar bilan professional munosabatlari, hamkasblar bilan hamkorligi, ishdagi qoniqishi va kasbiy farovonligi tahlil qilinadi. Maqola yakunida ta’lim tashkilotlari rahbarlari uchun pedagoglarning motivatsiyasi va psixologik farovonligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.