HUDUDIY STATISTIKADA TAQSIMLANMAGAN HAJMLAR MUAMMOSI VA TUMANLAR KESIMIDAGI TAHLIL SIFATINI OSHIRISH YO‘LLARI
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining samaradorligi ko‘p jihatdan tumanlar kesimidagi statistik ma’lumotlarning to‘liqligi va aniqligiga bog‘liq. Amaliyotda yirik korxonalar, bir nechta tumanda faoliyat yurituvchi xo‘jalik subyektlari hamda markazlashgan holda hisobga olinadigan faoliyat turlari hajmi tumanlar bo‘yicha taqsimlanmay, hudud bo‘yicha umumiy tarzda aks ettiriladi. Natijada tuman darajasidagi tahlillarda muayyan noaniqlik yuzaga keladi. Vaholanki, so‘nggi tadqiqotlarda hududiy tafovutni qisqartirish uchun statistik monitoringni kuchaytirish zarurligi ta’kidlanmoqda [1; 2], xalqaro amaliyotda esa hududlar o‘rtasidagi tafovutlarni kichik hududiy birliklar darajasida muntazam kuzatib borish hududiy siyosatning muhim vositasi hisoblanadi [3].