O‘ZBEK TILINING XALQARO NUFUZINI OSHIRISH: RIVOJLANTIRISH VA TARG‘IB QILISHNING ZAMONAVIY STRATEGIYALARI
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Mazkur maqolada o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirish, uni xorijiy auditoriya va yoshlar orasida ommalashtirishning zamonaviy hamda innovatsion strategiyalari tahlil qilinadi. Globallashuv va raqamli kommunikatsiya sharoitida tilning xalqaro mavqeyi faqat uning lingvistik imkoniyatlari bilan emas, balki ta’lim, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, kreativ industriyalar va raqamli texnologiyalardagi ishtiroki bilan ham belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasida o‘zbek tilini rivojlantirish, uning xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan [1]. Maqolada muallif tomonidan taklif etilayotgan to‘rtta innovatsion yo‘nalish ko‘rib chiqiladi: o‘zbek tili asosida yoshlar uchun interaktiv va o‘yin elementlariga ega sun’iy til konsepsiyasini yaratish; xorijiy iqtidorli shaxslarni O‘zbekistonga jalb qilish; o‘zbek tili bo‘yicha xalqaro olimpiadalarni rivojlantirish; o‘zbek tilidagi kino, adabiyot va boshqa kreativ mahsulotlarni xalqaro auditoriyaga olib chiqish. Tadqiqotda tilning xalqaro nufuzi, madaniy jozibadorlik va raqamli muhit o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilinadi. Taklif etilgan strategiyalar o‘zbek tilini nafaqat aloqa vositasi, balki xalqaro madaniy muloqot va ijodiy hamkorlik vositasi sifatida rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.