TIJORAT BANKLARI DEPOZIT BAZASINI RISKKA ASOSLANGAN TABAQALASHTIRILGAN SUGʻURTALASH MEXANIZMI
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Ushbu tezisda Oʻzbekistonda depozitlarni sugʻurtalash tizimida sugʻurta mukofoti stavkasini banklarning risklilik darajasiga qarab tabaqalashtirish masalasi tadqiq etilgan. 2025-yilda qabul qilingan “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun depozit sugʻurtasi tizimining huquqiy asosini mustahkamladi, biroq amaldagi tartibda sugʻurta mukofoti barcha banklar uchun yagona stavkada (taxminan 0,25 foiz) belgilanadi. Maqolada muammoli kreditlar (NPL) ulushi, kapital yetarliligi va likvidlik koʻrsatkichlari asosida banklarni past, oʻrta va yuqori riskli guruhlarga ajratib, sugʻurta mukofotini mos ravishda depozit bazasining 0,15–0,20, 0,21–0,35 va 0,36–0,50 foizi darajasida belgilash taklif etilgan. Uchta bank misolidagi shartli hisob-kitob tabaqalashtirilgan yondashuv sugʻurta badallarini riskka mutanosib qayta taqsimlashini koʻrsatadi. Ushbu mexanizm maʼnaviy tavakkalchilik (moral hazard)ni kamaytirish, Depozitlarni kafolatlash fondi mablagʻlarini riskka mutanosib shakllantirish va bank tizimining barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.