VANADIY OKSIDLANISH-QAYTARILISH OQIM BATAREYALARI UCHUN V₂O₅ ASOSIDAGI ELEKTROLITNI TAYYORLASH
Annotatsiya
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr tarmoqlariga integratsiya qilishda vanadiy oksidlanish-qaytarilish oqim batareyalari (VRFB) energiya saqlash tizimlari uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Biroq vanadiy elektrolitining qimmatligi hamda tijoriy vanadil sulfat (VOSO₄) eritmalarida kislota muvozanatini aniq nazorat qilishning murakkabligi tajriba-sinov ishlarida to‘siq bo‘lmoqda. Vanadiy pentoksidi (V₂O₅) va oksalat kislotasi (H₂C₂O₄) kabi arzon prekursorlardan foydalanish elektrolit tannarxini sezilarli darajada kamaytiradi. Ushbu ishning maqsadi V₂O₅ asosida kimyoviy qaytarish usuli orqali elektrolit sintez qilish hamda uni keyingi elektrokimyoviy tahlillarga tayyorlashdir. Vanadiy ionlarining 1,5 M konsentratsiyasida termik barqarorlikni ta’minlash va V⁵⁺ gidrolizi natijasida cho‘kma hosil bo‘lishining oldini olish uchun H₂SO₄ ning yakuniy konsentratsiyasi 3 M etib belgilandi; jarayon V₂O₅ + H₂C₂O₄ + 2H₂SO₄ → 2VOSO₄ + 2CO₂↑ + 3H₂O reaksiyasi asosida kechadi. Natijada 100 ml elektrolit tayyorlandi, u ierarxik tuzilishga ega uglerod kigiz (carbon felt) elektrodlarining katalitik faolligini sinashda ishchi muhit bo‘lib xizmat qiladi. Shimadzu UV-1800 spektrofotometrida (350–900 nm) olingan yutilish spektrida 763 nm da yutilish maksimumi (A = 0,59) va ~625 nm da yelka kuzatildi; bu polosalar vanadil (VO²⁺) ioniga xos d–d o‘tishlari bilan bog‘liq bo‘lib, vanadiyning asosan +4 oksidlanish darajasida ekanligini ko‘rsatadi. V₂O₅ ni oksalat kislotasi bilan qaytarish usuli VRFB elektrodlarini sinash uchun zarur elektrolitni laboratoriya sharoitida arzon tayyorlash imkonini beradi.