QADRIYAT LINGVOAKSIOLOGIK KATEGORIYA SIFATIDA
Annotatsiya
Ushbu maqola qadriyat tushunchasini aksiolingvistik kategoriya sifatida oʻrganadi. Xususan, qadriyat tushunchasining mohiyati, konseptual tuzilishi, uning ijtimoiy hayotda tutgan oʻrni, aksiologik xususiyatlari va tilda voqelanish xususiyatlari muhokama qilinadi. Tadqiqot nazariy jihatdan amalga oshirilgan. Yaʼni ishda analiz, sintez, induksiya, deduksiya kabi umummantiqiy metodlar va mavhumlashtirish, umumlashtirish kabi nazariy metodlar asosida tadqiqot vazifalari amalga oshiriladi. Bu esa, oʻz oʻrnida, tadqiqot metodologiyasini belgilab beradi. Tadqiqot maqsadi qadriyat tushunchasining mohiyatini fanlararo integratsiya tamoyili asosida yoritish va uning aksiolingvistik xususiyatlarini tahlil qilishdan iborat. Tadqiqot natijasida quyidagi umumiy xulosalar shakllantirildi: qadriyat obyektiv olamning narsa, obyekt va hodisalarining salbiy va ijobiy qiymatini ifodalaydi; qadriyat tushunchasini uning deskriptiv, normativ va meta-normativ nazariyalari toʻliq taʼriflaydi; qadriyatlar nafaqat insonlarni toʻgʻri yoʻnaltirib turuvchi mezon, balki ularning harakatlarini baholovchi va ushbu bahoni izohlab beruvchi tushunchadir; baho qadriyatning lisoniy ifodasi boʻlib, qadriyat baholashda namoyon boʻladi. Shuningdek, baholash qadriyat sistemasiga asoslanadi. Baholashning tildagi ifodasi ijobiy, salbiy, neytral kabi aksiologik shkalada aks etadi; baholash muayyan kommunikativ vaziyatda turli til birliklari yordamida lingvistik va ekstralingvistik omillar taʼsirida amalga oshiriladi.