ULTRA DISPERS TIC ZARRACHALAR MIQDORINING VOLFRAM KARBID KOBALTLI QATTIQ QOTISHMA STRUKTURASI VA FIZIK-MEXANIK XOSSALARIGA TAʹSIRINI ANIQLASH
Annotatsiya
Ushbu maqolada mamlakatimizdagi ruda maydalash jarayonida qoʹllaniladigan abraziv yeyilishga bardoshli qattiq qotishmalar strukturasi va fizik-mexanik xossalarining yakunlovchi qizdirib pishirish harorati va qattiq qotishma tarkibidagi ultra dispers TiC zarrachalar miqdoriga bogʹliq holda oʹzgarishi xususida maʹlumotlar keltirilgan. Olib borilgan ilmiy va amaliy izlanishlar shuni koʹrsatadiki qizdirib pishirish haroratining oshishi qattiq qotishma namunalarini zichlanish darajasi ortishiga va qoldiq gʹovaklik miqdorining kamayishiga olib keladi. Qattiq qotishma tarkibidagi ultra dispers TiC kukun miqdorining namunalar zichligiga va qattiqligiga taʹsirini aniqlash boʹyicha oʹtkazilgan tadqiqot natijalariga koʹra barcha yakunlovchi qizdirib pishirish jarayonidan oʹtgan namunalarning zichligi tarkibidagi TiC kukunining miqdori ortishi bilan kamaygan. Aksincha namunalar qattiqligi undagi ultra dispers TiC miqdori ortishi bilan ortgan. Maqolada yoritilgan laboratoriya tahlillari TDTU, Olmaliq KMK AJ qoshidagi Nodir metallar va qotishmalar ishlab chiqarish boʹyicha IICHB, NDKI va Ilgʹor texnologiyalar markazining zamonaviy qurilmalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan.