ALISHER NAVOIY RINDONA G‘AZALLARIDA RIND OBRAZI VA ZOHIDLIK TALQINI
Annotatsiya
Maqolada rind va rindlik mohiyatini ochishga xizmat qiluvchi rind-zohid qarama-qarshiligiga asoslangan usul asosida Navoiy rindona she’riyatidan ayrim lavhalar tadqiq etilgan. Rind va zohidlik haqiqatini yoritishda riyo, taqvo, tavba, sidq-u ixlos kabi tayanch tushunchalarning istilohiy talqiniga e’tibor qaratilgan va shu nuqtayi nazardan tanlangan materiallar tahlil etilgan, xulosalar chiqarilgan. Bunda, albatta, ilmiy-nazariy manbalarga, mutafakkirlar fikrlariga tayanilgan. E’tiborli jihati ¬— muallif zohid ustuvorligini ta’minlovchi jihat — rindning shar’iy tomondan inkor etilishi masalasini jiddiy o‘rganib, rind va rindlik mohiyatini shu nuqtayi nazardan ochishga harakat qilgan va manbalar asosidagi tahlillarini amalga oshirgan. Zohidga xos ma’naviy-ruhiy harakatsizlikdan farqli o‘laroq, rindning ruhiy yuksalish jarayonlari haqida riyo, tavba, taqvo, sidqu ixlos kabi tushunchalarni shoir she’rlaridagi talqinlari asosida o‘rgangan. Rind va zohid qarama-qarshiligini tadqiq etib, rindning boqiylikka tutash ma’naviy olami manzaralari xususida xulosalarini bayon qilgan.