JULIAN BARNSNING “OXIRAT HISSI” ASARIDA FALSAFIY IQRORNOMA ROMAN UNSURLARI
Annotatsiya
Maqolada zamonaviy Britaniya adabiyotining eng yirik vakillaridan biri Julian Barnsning “Oxirat hissi” asari postmodernizmga xos iqrornoma roman unsurlari asosida talqin qilingan. Asar voqealari shakliy jihatdan fragmentatsiya holatidagi o‘tmish xotiralari va uzviylik mexanizmi ostida shakllanmagan tarix konsepsiyasi orqali yoritilganligi bois undagi postmodernizmga xos xususiyatlarni o‘rganishga bag‘ishlangan. Asar muallifi Julian Barns tomonidan roman voqealarini hikoya qilishda qo‘llanilgan zaif roviylarning postmodern adabiyotidagi o‘ziga xos tomonlari va vazifalari bir necha ilmiy izlanishlarni qiyoslash orqali izohlangan. Tadqiqot ishida asarning bosh qahramoni o‘zining ruhiy holatini tiklash maqsadida shaxsiy xotiralarini refleksiv taftish qilganligi va taftish jarayonida tarix mexanizmi hamda vaqt konsepsiyalaridan foydalangan holda ularning ishlash prinsiplarining mohiyatan samarasizligini namoyish etishi misollar orqali ko‘rsatib berilgan. Mazmun jihatidan esa asar qahramonining butun umri davomida sodir etgan gunohlarining iqrornomasini tadqiq qilishga jiddiy e’tibor qaratilgan. Ushbu ilmiy ishda an’anaviy iqrornoma romanlarning tarixiy ildizlari va ularning badiiy o‘ziga xosligi nazariy tomondan yoritilgan. Iqrornoma romanlarning postmodern jamiyatlardagi ahamiyatli jihatlari har tomonlama chuqur o‘rganilgan. “Oxirat hissi” asarida muallif tomonidan ko‘tarilgan bir necha dolzarb masalalar tanqidiy iqrornoma tahlil metodi orqali ochib berilgan. Asar bosh qahramonining iqroridan ko‘zlangan maqsadlari badiiy jihatdan tahlil qilingan. Asar qahramonining xatti-harakatlari ichki va tashqi kuchlar ta’siri ostida qaysi tomonga o‘zgarganligi falsafiy jihatdan asar voqealari misolida ikki — o‘smirlik va keksalik bosqichlarida ifodalangan. Bunday ikki bosqichli yondashuv orqali asarda nafaqat qahramonning o‘z gunohlariga iqror bo‘lishi balki muallifning ham muayyan davrdagi keskin ijtimoiy o‘zgarishlar sabab yuzaga kelgan “tartibsizlik” (unrest) yuzasidan iqrornomasini badiiy tahlillar natijasida ochib berish ko‘zda tutilgan. Iqrornoma romanlarning postmodern jamiyatlarning o‘ziga xos tomonlarini tanqidiy o‘rganishdagi roli uning amaliy jihatdan dolzarbligini ko‘rsatganligi sababli mazkur ilmiy ish Julian Barnsning “Oxirat hissi” asarini iqrornoma roman sifatida keng ommaga tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.