BOSMA VA INTERNET NASHRLARIDA MEDIAMATN SAMARADORLIGI: JANR VA FORMAT MASALASI
Annotatsiya
Maqolada o‘zbek bosma ommaviy axborot vositalari hamda internet nashrlarida mediamatn samaradorligi, bunda janr va format masalasi tadqiq qilingan. Matn ommaviy axborot vositasining yuzi, jurnalist salohiyati, ijodiy mahoratining ko‘zgusidir. Bugungi kunda milliy medianing ikki zabardast turi matnida anʼanaviylik bilan birga, o‘ziga xoslik, kreativlik kuzatilayotgani tahlil qilinib, axborot bozoridagi kuchli raqobat muhiti jurnalistlarni mediamatn tayyorlashda ijodiy izlanishga undayotgani aniq misollar orqali asoslab berilgan. Maqolada milliy hamda xorijiy olimlarning ilmiy qarashlari qiyosiy o‘rganilib, gazeta matni va internet mediamatnining o‘ziga xos xususiyatlari, farqli jihatlari o‘rganilgan. Mediamatn samaradorligini oshirish, taʼsirchanligini kuchaytirish masalasi turkum materiallar misolida ko‘rib chiqilib, ilmiy tavsiyalar berilgan. Maqolaning dolzarbligi shundaki, unda nisbatan kam o‘rganilgan iqtisodiy jurnalistikada mediamatn muammolari paxta-to‘qimachilik sanoatiga oid materiallar orqali ko‘rib chiqilgan. Tezkor matn tuzishda shtamp, klishe, qolip va andozaviylikning ahamiyatli jihatlari o‘rganilib, ilmiy taklif va tavsiyalar berilgani uning ilmiy jihatdan yangiligini ko‘rsatib turibdi. Ularning amaliyotga tatbiq etilishi jurnalistik asarlar muvaffaqiyatini taʼminlashga, bosma va internet nashrlari mediamatni jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.