«SHOTIBIYA» ASARIGA YOZILGAN ARAB TILIDAGI SHARHLAR
Annotatsiya
Mazkur maqolada Imom Abulqosim ibn Firruh Shotibiy (538-590 h./1144-1194 m.) qalamiga mansub «Hirz al-amoniy va vajh at-tahoniy» nomli asarga bitilgan sharhlar va tarjimalar to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Imom Shotibiyning bir necha asari bo‘lsa-da, biroq, aynan ushbu asar «Shotibiya» nomi bilan shuhrat qozongan. «Shotibiya» asari manzuma shaklida bo‘lib, baytlarining barcha bandlari «lom» harfi bilan tugatilgan edi. Shuning uchun ham u ilm ahli orasida «Lomiya» qasidasi nomi bilan mashhur bo‘lgan. Asar 78 bobdan iborat bo‘lib, 1173 baytni o‘z ichiga oladi. Maqolaning maqsadi «Shotibiya» asariga kimlar tomonidan arab tilida qancha sharh bitilganini yoritishdir. Maqolada «Shotibiya»ning asosan arab tilidagi sharhlari to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Maqola muallifi o‘zining oldingi tadqiqotlarida mazkur asarning 39 ta sharhi to‘g‘risida so‘z yuritgan va sharhlarning soni bundan ham ko‘pligini aniqlagan. Maqolada mazkur asarga bitilgan ilk sharh haqida ham ma’lumot berilgan va asarga hozirgi kungacha sharhlar yozilib kelayotgani qayd qilingan. «Shotibiya» Movarounnahr madrasalarida ham asrlar davomida asosiy o‘quv darsliklaridan biri bo‘lib kelgan. Shuning uchun, mazkur asarga Movarounnahrda ham bir necha sharhlar bitilgan. Maqolada ular to‘g‘risida ham alohida to‘xtab o‘tilgan. Maqolani yoritishda arab va fors tillaridagi manbalarga va zamonaviy ilmiy adabiyotlarga murojaat qilingan.