MUSTAQILLIK DAVRI O‘ZBEK TELEVIDENIYESI: YANGI DAVRNING TELEIJODIYOTGA TA’SIRI
Annotatsiya
Bu maqolada O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilingach, mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy hayotning ommaviy axborot vositalariga ta’siri masalalari o‘zbek televideniyesi misolida tahlil qilindi. Mamlakatda ommaviy axborot vositalarida so‘z erkinligi, jamiyatni demokratlashtirish borasida qabul qilingan qonunlar, farmonlar, qarorlarga qaramay, matbuot, jumladan, televideniyeda cheklovlarning kuchayishi oqibatlarida yuzaga kelgan jarayonlar aks ettirilgan. Buning natijasida o‘zbek matbuotida ijtimoiy-siyosiy muammolar aks etgan chiqishlar o‘rnini biryoqlama, amaldagi hukumat faoliyatini ijobiy baholash va ularning amalga oshirgan, kezi kelganda hatto amalga oshirmagan ishlariga ham maqtovlar bildirish kuchayib ketgani haqida so‘z boradi. Shuningdek, O‘zbekistondagi OAV jamoatchilik fikrini ifoda etolmaydigan, balki faqatgina uning shakllanishiga xizmat qilish bilan cheklanadigan, yangiliklar manbai emas, davlat tashviqoti vositasiga aylanib qolgani, buning natijasida mamlakat fuqarolari dolzarb, ahamiyatga molik axborotlarni olish uchun xorijiy OAVga murojaat qila boshlaganlari sabablari tahlil qilinadi. O‘zbekistonda davlat telekanallarining hukumat tomonidan tartibga solinishi, bu esa, o‘z navbatida, ommaviy axborot vositalariga targ‘ibot vositasi sifatida munosabatda bo‘lish va ommaviy axborot vositalari muassisi bo‘lgan davlat siyosatidan farq qiluvchi muqobil qarashlarni rad etish bilan bog‘liq kechgani, televideniyeni rag‘batlantirish noaniq va samarasiz davlat axborot buyurtmasi asosida sodir bo‘lgani, davlat teleradiokompaniyani moliyalashtirishda ham, umuman, ularning rivojlanishida ham kuchli nomutanosiblikni keltirib chiqargani masalalari tahlilga tortildi.