SALJUQIYLAR DAVLATININGSHAKLLANISH JARAYONI(1038–1157)
Annotatsiya
Mazkur maqolada ko‘chmanchi o‘g‘uz qabilalarining saljuqiylar urug‘i atrofida birlashishi va Buyuk Saljuqiylar davlati (1038–1057) ning yuzaga kelish jarayoni yoritib berilgan. Saljuqiylarning O‘g‘uz yabg‘u davlati (766–1055) dan ajralib chiqib, Sirdaryo quyi oqimlariga o‘rnashishi hamda somoniylar (865–999), qoraxoniylar (840–1212) va g‘aznaviylar (977–1186) bilan qo‘shnichilik munosabatlari va ziddiyatlari ham maqoladan o‘rin olgan. Dastlab saljuqiylar g‘animat evaziga somoniy Muntasirning qoraxoniy Nasr Eloqxonga qarshi kurashida yordam berishgan. Lekin Nasr Eloqxonning qasos olishidan xavfsirab, u bilan ittifoq tuzishgan. Keyinchalik qoraxoniylardan ajralib chiqqan Buxoro hokimi Ali Teginning g‘aznaviylar va qoraxoniylarga qarshi yurishlarida ishtirok etishgan. Ya’ni ko‘chmanchi o‘g‘uzlarning maqsadi faqat o‘lja bo‘lgan. Mahmud G‘aznaviy (997–1030) hiyla yo‘li bilan Arslon yabg‘u (vaf.1032) ni tutqunlikka mahkum qilgach, saljuqiylar orasida birlik yo‘qolgan va Arslon yabg‘u idorasidagi o‘g‘uzlar Movarounnahr, Xorazm, Xuroson, Iroq, Dehiston hududlariga tarqalib ketgan. Xususan, saljuqiylar Janddan dastlab Buxoro, so‘ngra Xorazmga ko‘chishga majbur bo‘lishgan. Jand hokimi Shohmalik (vaf. 1042) Xorazmda saljuqiylarni qatliom qilgach, ularning aksar qismi qirilib ketgan. Maqolada o‘g‘uzlarning tarqoqlik davrida boshdan kechirgan hodisalari hamda zavolga yuz tutgan O‘g‘uz yabg‘u davlatidan Xuroson hududlariga ko‘chib kelgan o‘g‘uzlarning saljuqiylar atrofida qayta birlashishi jarayonlari ham ochib berilgan. G‘aznaviylar bilan kelishmovchilik chiqqach, o‘g‘uzlarning Xuroson va Iroq hududlaridagi talonchilik harakatlari va uning sabablari sharhlab o‘tilgan. Shuningdek, maqolada Saljuq (taxminan 900–1007) ning nevaralari Muhammad To‘g‘rul (1040–1062) va Dovud Choribey (989–1060) larning Dandanakon jangida g‘aznaviylar sultonining ulkan qo‘shinini mag‘lub etib, Saljuqiylar davlatining yuzaga kelishiga zamin hozirlaganiga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan.