MINTAQAVIY JURNALISTIKANING TIZIMLI RIVOJLANISH MASALALARI
Annotatsiya
Bugungi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi bilan axborot oqimlari tezlashgan davrda axborotni auditoriyaga yetkazib berish, koʻpchilikning e’tiboriga ilinadigan va voqealarni toʻgʻri bayon qiladigan kontentlarni yaratish tobora murakkablashib bormoqda. Ayniqsa, dasturiy ommaviy axborot vositalarining axborotni auditoriyaga yetkazib berishdagi monopoliyasining yemirilishi natijasida jamiyatda faqatgina jurnalistlargina axborot egasi va uni auditoriyaga yetkazib beruvchilar degan tushunchaning o‘z ahamiyatini yo‘qotib borayotgani kuzatilmoqda. Medialarning axborotga egalik qilish darajasi susaygani sari, jamiyatda har bir inson muallif degan konsepsiyaning haqiqatga yaqinlashayotgani yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ana shunday bir davrda medialar axborotni auditoriyaga yetkazib berishning yangi uslublaridan foydalanishga intilmoqda. Medialar o‘z navbatida maqsadli auditoriyaning talablari va istaklariga muvofiq harakat qilish zaruratiga duch kelmoqda, bu esa zamon talabi sifatida qaralmoqda. Shu sababli mintaqaviy va mahalliy axborot manbalari hamda medialarda taqdim etilayotgan axborotlarning salmog‘i va ishonchliligi ortib borayotgani kuzatilmoqda. Ayniqsa, mintaqaviy nuqtayi nazardan OAV faoliyatiga nazar tashlash orqali OAV-auditoriya munosabatlarining qanchalik keng ko‘lamda rivojlanayotganini anglash imkoniyati yuzaga chiqadi. Ya’ni OAVni mintaqaviy rakursda tadqiq etish bugungi kun auditoriyasi talablarining turli jihatlarini yoritishda muhim ahamiyat kasb etadi. Muallif tomonidan mintaqaviy OAVning faoliyati va ularning o‘ziga xos xususiyatlari masalalari Qoraqalpog‘istonda faoliyat olib borayotgan media turlarining kontent yaratishdagi yo‘nalishlari orqali har tomonlama tahlil etilgan. Bundan tashqari, maqolada mintaqaviy jurnalistikaning asosiy tamoyillari va rivojlanish yo‘nalishlari jahon jurnalistikasi doirasida tahlil qilingan. Shuningdek, muallif qoraqalpoq jurnalistikasini mintaqaviy aspektda o‘rganish orqali mintaqaviy OAVga qo‘yiladigan talablar va prinsiplarni aniqlab bergan. Maqolaning xulosa qismida qoraqalpoq OAVning bugungi kungacha bo‘lgan rivojlanish bosqichlari izchil ravishda bayon etilgan hamda ularning hozirgi rivojlanish yo‘nalishlari bir nechta parametrlar asosida tahlil etilgan.