JURNALISTIK FAOLIYATDA SUN’IY INTELLEKTNI QO‘LLASH BILAN BOG‘LIQ MEDIASAVODXONLIK ZARURATI
Annotatsiya
Ushbu maqolada jurnalistik faoliyatda sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq mediasavodxonlik zarurati tahlil qilinadi. Sun’iy intellekt vositalarining axborotni izlash, tahrirlash, tarjima qilish, vizualizatsiya va boshqa sohalardagi imkoniyatlari bilan birga, uning dezinformatsiyani kuchaytirishi mumkinligi alohida e’tiborga olinadi. Kontent tahlil usuli asosida O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida sun’iy intellektdan foydalanish holati o‘rganiladi. Xususan, neyrotarmoqlar asosida tayyorlangan jurnalistik materiallar sonining oshgani, ularning asosiy mazmuni va axborot manbai sifatida AI vositalarining ishtiroki aniqlanadi. Shuningdek, xorijiy tadqiqotlar asosida dezinformatsiya, feyk yangiliklar, axboriy manipulyatsiyalarga qarshi kurashda sun’iy intellekt va media savodxonlikni uyg‘unlashtirish zarurligi asoslanadi. Muallif jurnalistlar uchun tanqidiy tafakkur, axborotni tekshirish, ishonchli manbalarni tanlash ko‘nikmalarini rivojlantirish mediasavodxonlikning eng muhim tarkibiy qismi sifatida qaralishini ta’kidlaydi.