Uyqu va koronar arteriyalar qo‘shma aterosklerotik torayishi mavjud bemorlarni tashxislash va davolashga kardiologik yondashuvlar
Annotatsiya
Maqsad. Uyqu va koronar arteriyalarning qo‘shma aterosklerotik shikastlanishi bo‘lgan bemorlarda takomillashtirilgan kardiologik yondashuv va algoritmni qo‘llash natijalarini o‘rganish. Materiallar va usullar. Bizning tadqiqotimiz doirasida 2019-2024 yillar mobaynida Respublika xirurgik angionevrologiya ixtisoslashtirilgan markazida tekshiruvdan o‘tkazilgan va davolangan uyqu tomirlarida gemodinamik ahamiyatli stenoz aniqlangan hamda yurak ishemik kasalligi asimptom yoki turg‘un zo‘riqish stenokardiyasi funksional sinf I-II tashxisi qo‘yilgan 105 ta bemorni kiritdik. Bemorlarga EKG, sutkalik EKG monitoring, exokardiografiya, UTT, KT, MRT, angiografiya (MSKT- angiografiya, KAG), miokard MRT-stress perfuziyasi kabi standart va maxsus usullar bilan tekshirildi. Natijalar. Ishlab chiqilgan algoritm asosida davolangan bemorlarda insult, yurak etishmovchiligi, o‘tkir koronar sindrom va o‘tkir miokard infarkti holatlari nazorat guruhiga nisbatan kamroq kuzatildi. Asosiy guruhda amaliyot davridagi asoratlar 2% gacha, uzoq muddatli davrda esa 2,6% gacha kamaydi. Bemorlar holati yaxshilanishi asosiy guruhda 53,9%, nazorat guruhida esa 40,5% ni tashkil qildi. Karotid va koronar arteriyalar qo‘shma stenozi mavjud bemorlarda tabaqalashtirilgan yondashuv asoratlarni kamaytirish va davolash samaradorligini oshirishga yordam berdi. Xulosa. Karotid arteriyalarining torayishi asimptom koronar zararlanish bilan birgalikda aksariyat holatlarda ikki yoki undan ortiq tomir shikastlanishi bilan kechadi, yakka aterosklerotik jarayon kam uchraydi. Aniqlangan kamida to‘rtta xavf omili mavjud bo‘lib, asosiylari AG, semizlik, kamharakatlilik, giperlipidemiya yoki qandli diabetdir. Miokard MRT-stress perfuziyasida ishemiya yoki perfuzion rezerv 2 kuzatilganda, birinchi bosqichda koronar stentlashni o‘tkazish karotid rekonstruksiyasida yurak asoratlarini oldini olish imkonini beradi.