YOPISHQOQLIKNI OSHIRUVCHI REAGENT TA’SIRIDA SANOAT SUSPENZIYASI OQUVCHANLIK XUSUSIYATLARINING EKSPERIMENTAL VA SONLI TAHLILI
Annotatsiya
Ushbu tadqiqot yopishqoqlikni oshiruvchi maxsus reagent ta’sirida sanoat po‘lpasining oquvchanlik va reologik xossalarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Tadqiqotning predmeti sanoat chiqindilaridan hosil bo‘lgan sanoat suspenziyasi bo‘lib, ishning asosiy maqsadi reagent miqdori va suv tarkibining po‘lpaning oqim xususiyatlariga ta’sirini aniqlash hamda eng muqobil miqdorni belgilashdan iborat. Mazkur muammo sanoat suspenziyalarini gidrotransport tizimlarida samarali tashish, energiya sarfini kamaytirish va texnologik jarayonlarni boshqarish nuqtayi nazaridan dolzarbdir. Tadqiqot jarayonida eksperimental usullar qo‘llanib, po‘lpaning oquvchanligi kesik konussimon idish yordamida aniqlangan yoyilish radiusi orqali baholandi. Olingan eksperimental ma’lumotlar statistik jihatdan qayta ishlanib, oquvchanlikning konsentratsiya va reagent miqdoriga bog‘liqligi natural kubik splayn interpolatsiyasi asosida modellashtirildi. Natijada uzluksiz va silliq matematik model qurilib, u oraliq qiymatlar uchun oquvchanlikni bashorat qilish imkonini berdi. Tadqiqot natijalari sanoat suspenziyalarining reologik xossalarini boshqarish, gidrotransport tizimlari samaradorligini oshirish hamda sanoat chiqindilarini qayta ishlash jarayonlarini optimallashtirishda amaliy qo‘llanishga ega bo‘lib, muhandislik va texnologik tadqiqotlar uchun muhim ilmiy ahamiyat kasb etadi.