SUN'IY INTELLEKT YORDAMIDA DARS TAYYORLASH: SAMARADORLIK, QULAYLIK VA PSIXOLOGIK QARAMLIK XAVFI
Annotatsiya
Mazkur tezisda sun'iy intellekt texnologiyalaridan dars tayyorlash jarayonida foydalanishning ijobiy va salbiy jihatlari tahlil qilinadi. Xususan, AI vositalarining vaqt tejalishi, ma'lumotlarni tez topish, matnlarni tahlil qilish va individual o'qitish imkoniyatlari kabi afzalliklari yoritilgan. Ta'lim tizimida sun'iy intellekt texnologiyalarining kirib kelishi dars tayyorlash usullarini sezilarli darajada o'zgartirdi. Ayniqsa, ChatGPT, Gemini, Copilot kabi platformalar talabalar va o'qituvchilar uchun yordamchi vositaga aylanmoqda. Avvallari ma'lumot izlash uchun bir nechta manbalarni varaqlash talab etilgan bo'lsa, AI tizimlari qisqa vaqt ichida kerakli mavzu bo'yicha umumlashtirilgan javob bera oladi. Bu esa o'quv jarayonida vaqtni tejash imkonini yaratmoqda. Sun'iy intellektning asosiy qulayliklaridan biri - tezkorlikdir. Talaba murakkab mavzu bo'yicha savol bersa, tizim bir necha soniyada izoh, misol yoki reja taqdim etadi. Masalan, ingliz tilini o'rganayotgan talaba grammatika qoidalarini tushuntirishni yoki matn tarjimasini so'rashi mumkin. Dastur esa oddiy va tushunarli shaklda javob qaytaradi. Shu sababli AI vositalari individual repetitor vazifasini ham qisman bajarmoqda. Dars tayyorlashda AI'dan foydalanishning yana bir afzalligi - materiallarni moslashtirish imkoniyatidir. Har bir talabaning bilim darajasi turlicha bo'ladi. Ba'zi talabalar mavzuni qisqa izoh orqali tushunsa, boshqalarga batafsil tushuntirish kerak bo'ladi. Sun'iy intellekt foydalanuvchi so'roviga qarab turli murakkablikdagi javoblarni shakllantira oladi. Bu esa o'qitishda differensial yondashuvni kuchaytiradi.