I TURKOLOGIYA QURULTOYIDA YOZUV MASALASI
Annotatsiya
Annotatsiya 1926-yilda Boku shahrida boʻlib oʻtgan Turkologiya qurultoyi turkiy xalqlar madaniy-ma’rifiy hayotida muhim burilish nuqtasi boʻldi. Qurultoy kun tartibidagi eng dolzarb masalalardan biri yozuv masalasi edi. O‘sha davrda turkiy xalqlar asosan arab yozuvidan foydalanar, biroq bu yozuv fonetik jihatdan turkiy tillarning xususiyatlarini to‘liq ifodalay olmasdi. Shu sababli yangi, soddalashtirilgan va ilmiy asoslangan alifboga o‘tish masalasi keng muhokama qilindi. Ikkinchi tomondan, bu masalaning siyosiy tomonlari bor edi. Arab yozuvi musulmon dunyosi bilan madaniy birlikni mustahkamlab turgan edi. Shoʻrolar hukumati esa diniy va transmilliy birlashuv tendensiyalarini cheklashga intildi, lotin alifbosiga o‘tish orqali diniy markazlar bilan aloqani zaiflashtirish va milliy respublikalarni yangi mafkuraviy makonga integratsiya qilish maqsad qilindi. Qurultoyda yozuvni lotin asosiga o‘tkazish taklifi ilgari surilib, uning afzalliklari dalillar bilan asoslandi. Lotin yozuvi turkiy tillarning tovush tizimiga mos kelishi, o‘qish-yozishni osonlashtirishi hamda zamonaviy ilmiy-texnik adabiyotlarni o‘zlashtirishni tezlashtirishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, yagona turkiy lotin alifbosini joriy etish orqali turkiy xalqlar o‘rtasida madaniy birlikni mustahkamlash, ilmiy hamkorlikni kengaytirish maqsad qilingan edi. Bu tashabbus, bir tomondan, turkiy tillarning fonetik tizimiga mos yozuv yaratishga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, markazlashgan nazoratni kuchaytirish vositasi edi. Yagona grafik tizim orqali nashriyot, ta’lim va ideologik matnlarni tezroq va samaraliroq tarqatish imkoniyati paydo bo‘ldi, biroq ayrim delegatlar arab yozuvi bilan bog‘liq tarixiy va diniy an’analarning uzilishi mumkinligidan xavotir bildirdilar. Natijada qurultoy qarorlari asosida turkiy respublikalarda lotin yozuviga bosqichma-bosqich o‘tish tavsiya etildi. Qurultoy yakunida lotin grafikasi asosidagi yagona turkiy alifbo konsepsiyasini ishlab chiqish va uni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi. Bu qaror keyinchalik ko‘plab turkiy respublikalarda yozuv islohoti jarayonini jadallashtirdi. Kalit so‘zlar: turkologiya, qurultoy, turkiy xalqlar, alifbo, imlo, yozuv, arab yozuvi, lotin yozuvi, kirill yozuvi.