MEDIA-MAHSULOTLAR, RADIO OVOZ DIZAYNIDA SUN'IY INTELLEKT VA INSON KREATIVLIGI: INTELLEKTUAL YONDASHUVNING YANGI BOSQICHI
Annotatsiya
Maqolada zamonaviy radio, qisqa metrajli media-mahsulotlar (videoroliklar, qisqa filmlar) uchun noyob ovoz dizaynini yaratish jarayoni tahlil qilinadi. Ovoz rejissurasida ijodiy yondashuv va sun'iy intellekt (SI) texnologiyalarining birligi, ovoz effektlarini yaratishda yangi usullar hamda intellektual filtrlarning ahamiyati muhokama qilinadi. Kirish: Hozirgi globallashuv davrida qisqa metrajli kontentlar inson turmushining ajralmas qismiga aylandi. Mutaxassis sifatida ovoz rejissyorligi sohasini o'rganish jarayonida biz nafaqat tovushni yozib olishni, balki shu tovush orqali juda qisqa vaqt ichida tomoshabinga katta emotsional ta'sir ko'rsatishni o'rganamiz. Qisqa metrajli mahsulotlarda (filmlar, reklama roliklari) ovoz dizayni (Sound Design) — tasvirga jon bag'ishlovchi va uning mazmunini to'ldiruvchi eng asosiy elementdir. Kreativlik va intellektual yondashuv birligi ovoz rejissyorining ijodiy fantaziyasi va zamonaviy raqamli texnologiyalar kesishmasida namoyon bo'ladi. 1. Qisqa metrajli filmlarda vaqt va atmosfera munosabati Qisqa metrajli mahsulotlarning o'ziga xosligi shundaki, ularda har bir soniya o'ta muhim hisoblanadi. Ovoz rejissyori sifatida biz cheklangan vaqt ichida kadrda sodir bo'layotgan voqeaning audial atmosferasini tomoshabinga yetkazib berishimiz kerak. Masalan, bir daqiqalik rolikdagi ovoz dizayni tomoshabinni voqeaga jalb qilishi, unda qo'rquv, quvonch yoki chuqur mushohada uyg'otishi shart. Buning uchun ovoz rejissyori "psixoakustika" qonuniyatlaridan foydalanadi, ya'ni tovushning inson ruhiyatiga ta'sirini hisobga olgan holda dizayn yaratadi.