SUN'IY INTELLEKT ASOSIDA O'QITISH JARAYONINING SAMARADORLIGINI DIAGNOSTIKA QILISHNING PEDAGOGIK IMKONIYATLARI
Annotatsiya
Ushbu maqolada zamonaviy ta'lim tizimida sun'iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda pedagogik diagnostika jarayonlarini avtomatlashtirish masalalari tadqiq etiladi. Maqolada an'anaviy diagnostika usullarining cheklangan jihatlari tahlil qilinib, sun'iy intellekt yordamida talabalarning bilim darajasini real vaqt rejimida aniqlash, adaptiv test tizimlari va shaxsiylashtirilgan ta'lim trayektoriyalarini yaratish imkoniyatlari yoritilgan. Zamonaviy ta'limning asosiy maqsadi har bir ta'lim oluvchining individual qobiliyatlarini rivojlantirishdan iborat. Biroq, an'anaviy ta'lim tizimida o'qituvchi bir vaqtning o'zida 30-40 nafar talabaning o'zlashtirish dinamikasini aniq kuzatishi va har biriga mos diagnostika qo'llashi mushkul vazifa hisoblanadi. Bugungi kunda sun'iy intellekt texnologiyalarining ta'limga kirib kelishi ushbu muammoni hal qilishning eng samarali yo'li bo'lib xizmat qilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi "Sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo'yicha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-4996-sonli qarori sun'iy intellekt sohasidagi yetakchi ilmiy tashkilotlar va oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olish hamda ularning ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilgan [1]. Bugungi kunda ta'lim sohasi oldida turgan eng katta muammolardan biri - bu har bir talabaning individual ehtiyojlarini o'z vaqtida aniqlashdir. An'anaviy diagnostika (testlar, nazorat ishlari) ko'pincha "natijaga yo'naltirilgan" bo'lib, talabaning bilim olish jarayonidagi qiyinchiliklarini chuqur yoritib bera olmaydi. An'anaviy diagnostika asosan nazorat ishlari va testlar yordamida, sun'iy intellekt asosidagi avtomatlashtirilgan diagnostika esa "Continuous Assessment" (doimiy baholash) tamoyiliga tayanadi. Sun'iy intellekt modellari esa diagnostikani statik (vaqti-vaqti bilan bo'ladigan) holatdan dinamik (uzluksiz) holatga o'tkazadi [2].