SOʻNGAK VA TOSHBULOQ YODGORLIKLARI ANTROPOLOGIK MATERIALLARIDA KARIYES PALEOPATOLOGIYASI
Annotatsiya
Maqola, Oʻzbekistonning Soʻngak va Toshbuloq arxeologik yodgorliklaridan topilgan inson suyaklari asosida kariyes kasalligining tarqalishi va uning paleopatologik ahamiyatini oʻrganadi. Tadqiqot, tish kasalliklari orasida eng keng tarqalganini tashkil etadigan kariyesning arxeologik materiallar asosida tahlil qilinishi bilan bogʻliq.Soʻngak va Toshbuloq yodgorliklaridan olingan antropologik materiallar, Oʻzbekiston hududidagi boshqa arxeologik qazishmalar bilan solishtirilgan holda, qadimgi jamoalarning turmush tarzini va oziqlanish odatlarini aniqlashga yordam beradi. Tish kasalliklarining tarqalishi, ayniqsa kariyes, ozuqa manbalari, gigiyena va hayot tarziga taʼsir etadigan ijtimoiy va ekologik omillarni aks ettiradi. Tadqiqotda, kariyesning Soʻngak va Toshbuloq jamoalarida farqlanishi kuzatilgan: Toshbuloqda kariyes darajasi ancha yuqori boʻlsa, Soʻngakda bu koʻrsatkich pastroqdir. Shuningdek, jinslar oʻrtasida farq mavjud: ayollarda erkaklarga nisbatan koʻproq kariyes aniqlangan.Maqola, tish kasalliklari yordamida qadimgi jamiyatlarning ijtimoiy va xoʻjalik tuzilmalari haqidagi ilmiy taxminlarni aniqlashtirishga katta hissa qoʻshadi. Kariyesning tarqalishi, asosan, qishloq xoʻjaligi va chorvachilik faoliyatlariga, shuningdek, ozuqaviy odatlarning oʻzgarishiga bogʻliq ekanligi koʻrsatilgan. Soʻngak va Toshbuloq yodgorliklarida amalga oshirilgan paleopatologik tadqiqotlar, ayniqsa, kariyes kasalliklarini tahlil qilish orqali qadimgi aholi xoʻjalik faoliyati haqida qimmatli maʼlumotlar beradi. Bu oʻrinda Soʻngak aholisida chorvachilik va koʻchmanchi hayot tarzi asosiy oʻrinda turgan boʻlsa, Toshbuloq qadim aholisi oʻtroqlashish jarayonlarini boshdan kechirayotgan boʻlishi mumkin.